Barcha yangiliklar RSS

Boshqarma haqida

RASMIY MUNOSABAT

Joriy yilning iyul oyida ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘shko‘pir tumani "Taraqqiyot" mahallasi "Umar Hayyom" ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylarda yashovchi ayrim fuqarolar tomonidan boshqaruv kompaniyasi faoliyatidan norozilik bildirib, video murojaat joylashtirilgan.

Mazkur holat Xorazm viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi tomonidan tuzilgan  ishchi guruh tomonidan o'rganib chiqildi. Shunga ko'ra quyidagilarni ma'lum qilamizki: “Qo‘shko‘pir porloq kelajak” MCHJ boshqaruv kompaniyasi Qo‘shko‘pir tuman hokimining 2022-yil 30-martdagi 108-12-172-Q/22-sonli qaroriga asosan tashkil etilgan bo‘lib, "Taraqqiyot" mahallasi "Umar Hayyom" ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

2022–2024-yillar davomida boshqaruv kompaniyasi mablag‘lari hisobidan mazkur ko‘chada joylashgan ko‘p qavatli uylarning tom va tashqi qismi joriy ta’mirlangan, kirish yo‘laklari betonlashtirilgan, bolalar maydonchasi barpo etilgan, zamonaviy tungi yoritgichlar o‘rnatilgan. Ushbu ishlar uchun jami 553,5 million so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 7-noyabrdagi O‘RQ-581-sonli “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida”gi Qonunining 16-moddasiga muvofiq, uy egalari umumiy mol-mulkni saqlash xarajatlarini birgalikda zimmasiga olishlari va har oyda belgilangan majburiy badallarni o‘z vaqtida to‘lashlari shart. Afsuski, "Taraqqiyot" mahallasidagi ayrim ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholining 2023-yildan buyon majburiy badallarni to‘lashda sustkashlik qilayotgani oqibatida bugungi kunga qadar qarzdorlik miqdori 62,6 million so‘mni tashkil etmoqda.

Shu sababli, uy-joylarni ta’mirlash va tutash hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha rejalashtirilgan ishlarni amalga oshirishda qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda. Boshqaruv kompaniyasi tomonidan qarzdorlikni undirish bo‘yicha bir necha marotaba ogohlantirish xatlari yuborilgan, shuningdek, majburiy tartibda undirish uchun 35 nafar mulkdorga nisbatan sudga da’vo arizalari kiritilgan.

Mazkur masala yuzasidan Qo‘shko‘pir tumani hokimi Sh.Axmedov 2025-yil 21-iyun kuni "Taraqqiyot" mahallasidagi ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi bilan uchrashib, yig‘ilish o‘tkazgan. Unda aholining noroziliklariga asos bo‘layotgan muammolar o‘rganilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, aholining roziligini olish va xizmat ko‘rsatishni yanada yaxshilash yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berilgan.

Hurmatli fuqarolar! Mulkdorlar sifatida majburiy badallarni o‘z vaqtida to‘lash orqali uylaringizga sifatli xizmat ko‘rsatilishini ta’minlashda o‘z hissangizni qo‘shishingizni so‘raymiz. Kelgusida ko‘p qavatli uylar tutash hududlarining obodonligi, kirish yo‘laklarining ta’mirlanishi va boshqa qulayliklar aynan sizlarning o‘z vaqtida to‘lagan mablag‘laringiz evaziga amalga oshirilishini eslatib o‘tamiz.


5-07-2025, 19:00
Ko'rishlar: 10
Sahifani chop etish
2025-yil - “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili”