Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda “Qo‘shko‘pirda kim BSKni yuritmoqda? Aholi nega norozi? Moddiy-texnik bazasi va ma’lum ish olib boradigan binosi yo‘q BSK kimga kerak?” sarlavhalari bilan video murojaat tarqaldi. Ushbu murojaat bo‘yicha Xorazm viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tuzilib, o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganish natijasiga ko‘ra, Qo‘shko‘pir tumani, “Taraqqiyot” mahallasi “Umar Xayyom” ko‘chasida joylashgan ko‘p xonadonli uylardan:
-2017-yilda 1-5-10-6-7-9 va 4 raqamli uylarning tom qismi polizol bilan qoplangan. Bundan tashqari, 1-uyning fasad (old qismi) qismi joriy ta’mirlangan;
-2018-yilda shirkat tomonidan 2-uyning tom qismi polizol qilingan va fasad (old qismi) qismida joriy ta’mirlash ishlari bajarilgan;
-2019-yilda 3-uyning tom qismi polizol qilingan va fasad (old qismi) qismida joriy ta’mirlash ishlari bajarilgan. Bundan tashqari, 1-6-7 va 9 raqamli ko‘p xonadonli uylarning fasad (old qismi) qismida joriy ta’mirlash ishlari bajarilgan;
-2021-yilda 8-uyning tom qismi shifer qilingan va 2 ta kirish yo‘lagining fasad (old qismi) qismi joriy ta’mirlangan hamda kirish yo‘llari betonlashtirilgan hamda zamonaviy 6 ta tungi yoritgich chiroqlari o‘rnatilgan.
-2022-yilda 2-3-4-uylarning oldidagi kirish yo‘laklari betonlashtirilgan hamda zamonaviy 6 ta tungi yoritgich chiroqlari o‘rnatilgan.
-2023-yilda ko‘p xonadonli uylarning umumiy foydalanishda bo‘lgan tutash hududida bolalar maydonchasi qurilgan. Shuningdek, ushbu uylar oldidagi ariqlar va yo‘laklar betonlashtirilgan.
Joriy yilda, BSK tomonidan 6-7-uylar kirish yo‘laklari va manzilli dastur asosida 1-uyning kirish yo‘laklari hamda tashqi fasadi qismi ta’mirlanganligi ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 7-noyabrdagi “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida”gi O‘RQ-581-sonli Qonunining 16-moddasiga asosan, joylarning mulkdorlari umumiy mol-mulkni saqlash bo‘yicha umumiy xarajatlarni birgalikda zimmasiga olishi shartligi hamda umumiy mol-mulkni saqlash bo‘yicha xarajatlarni har oyda, qoida tariqasida, pul shaklida to‘lashi qat’iyan belgilanganligiga qaramasdan, “Taraqqiyot” mahallasi “Umar Xayyom” ko‘chasidagi ko‘p xonadonli uylarda yashovchi aholining 2023-yildan buyon majburiy badallarni o‘z vaqtida to‘lanishida kechiktirishlar natijasida, bugungi kungacha bo‘lgan qarzdorligi 62 633 000 so‘mni tashkil qiladi.
Ushbu uylarda yashovchi mulkdorlar tomonidan o‘z vaqtida a’zolik badallari to‘lanmaganligi sababli, uy-joylarni fasad (old qismi) va tom qismi, kirish yo‘laklarini ta’mirlash ishlarini bajarilishida muammolar kelib chiqqanligi, bu bo‘yicha mulkdorlarga boshqaruv servis kompaniyasi tomonidan bir necha bor ogohlantirish xati berilgan mulkdordan majburiy badal pullarini undirish bo‘yicha sudga da’vo arizalari kiritilgan.
Boshqaruv servis kompaniyasi tomonidan ko‘p xonadonli uylarning tutash hududlari va kirish yo‘laklarini obodonlashtirish maqsadida borilganda ushbu uylarda yashovchi aholi tomonidan qarshiliklar bildirilganligi natijasida obodonlashtirish ishlari bajarilmasdan qolgan.
Ushbu masalalar yuzasidan Qo‘shko‘pir tuman hokimi Sh.Аxmedov 2025-yil 21-iyun kuni “Taraqqiyot” mahallasi “Umar Xayyom” ko‘chasida joylashgan ko‘p xonadonli uylarda yashovchi aholi bilan uchrashgan va ularni qiynab kelayotgan muammo va kamchilikni bartaraf qilish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berilgan.

