Barcha yangiliklar RSS

Boshqarma haqida

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi “Hukumat soati” boshlandi


“Hukumat soati”da “O‘zbekiston Respublikasi qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2021–2025-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi” ijrosini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi masala muhokama qilinmoqda.

Kun tartibidagi masala yuzasidan deputatlarning savollariga Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov javob beryapti.

Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning 2020-yil 27-noyabrdagi tegishli Farmoni bilan qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2021-2025-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi tasdiqlangan. Uning ijrosi yuzasidan vazirlik tomonidan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, har bir yo‘nalishda mas’ullar belgilangan va hozirga qadar bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar ijrosi deyarli to‘liq ta’minlangan.

Vazirning ma’lum qilishicha, bugungi kunga qadar jami 439 ta bosh rejalar ishlab chiqilgan bo‘lib, shundan, 119 ta shahar va 314 ta shaharcha bosh rejalari, 1 776 ta qishloq aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlari sanaladi. Shuningdek, 108 ta qishloqlarni rivojlantirish sxemalari ishlab chiqilib, viloyatlar jamoatchilik va hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlari muhokamasidan o‘tkazildi.

Vazirlikning hududiy boshqarmalari esa 7 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatmoqda. 2025-yilda 353 085 ta obyekt bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, vazirlikning 120ga yaqin funksiya va vazifalaridagi korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi baholanib, korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan funksiyalar bo‘yicha reyestr shakllantirilgan holda, ularni bartaraf etish bo‘yicha dastur tasdiqlandi.

Maqsadli davlat dasturlari doirasida yangidan qurish, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlanishi rejalashtirilgan obyektlarning loyiha hujjatlarini sifatli ishlab chiqish maqsadida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida loyiha tashkilotlari elektron reyting baholash platformasi tashkil etildi. Elektron reyting tizimi ishga tushirilgandan keyin korxonalarning aylanma mablag‘lari 41 trln. so‘mga, maxsus texnikalar soni 2 barobarga, band bo‘lgan aholi soni esa 58 foizga ortgan.


10-12-2025, 16:37
Ko'rishlar: 17
Sahifani chop etish
2025-yil - “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili”