Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilindi




Xorazm viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish, ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini mustahkamlash masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda Vazirlik vakillari, boshqarma rahbariyati, masʼul xodimlar hamda tegishli mutaxassislar ishtirok etib, korrupsiyaning oldini olish, manfaatlar toʻqnashuvini bartaraf etish va ichki nazorat mexanizmlarini samarali yoʻlga qoʻyish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Tadbir davomida Vaisov Ravshanbek Jumaniyazovichning Xorazm viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻyicha bosh mutaxassisi lavozimiga tayinlanishi masalasi koʻrib chiqildi. Ishtirokchilar tomonidan mazkur lavozimning vazifalari, masʼuliyati hamda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ustuvor yoʻnalishlar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Yigʻilishda soʻzga chiqqanlar korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biri ekanligini taʼkidlab, ushbu yoʻnalishda samarali ichki nazorat tizimini shakllantirish, xodimlar oʻrtasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish hamda fuqarolar murojaatlari bilan ishlash sifatini oshirish zarurligini qayd etdilar.
Tadbir yakunida yangi tayinlangan bosh mutaxassis oldiga korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va bartaraf etish, tizimda ochiqlik va hisobdorlikni taʼminlash, profilaktik tadbirlarni muntazam tashkil etish hamda amaldagi qonunchilik talablarining ijrosini nazorat qilish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.
Yigʻilish ishtirokchilari kelgusida ham korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishidagi ishlarni izchil davom ettirish, sohada qonun ustuvorligini taʼminlash va jamoatchilik ishonchini mustahkamlash borasida hamkorlikda faoliyat olib borishga kelishib oldilar.

