Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar! Aziz kommunal soha xodimlari!
Yurtdoshlarimizning turmush tarzini yaxshilash yoʻlida fidoyilik koʻrsatayotgan siz azizlarni – Oʻzbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasi xodimlari kuni bilan samimiy muborakbod etaman. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev boshchiligidagi islohotlarimiz, eng avvalo, inson qadri va manfaatlarini himoya qilishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Yaqin tarixga nazar solsak, aholining eng zarur ehtiyojlari va kayfiyatiga bogʻliq kommunal soha tub islohotlarga muhtoj edi. Davlatimiz rahbarining barcha sohalar qatori uy-joy kommunal tizimini rivojlantirish boʻyicha olib borayotgan xalqchil siyosatlari ijobiy natijasini koʻrsatmoqda.
Odamlarning ogʻirini yengil qilish eng himmatli kasb, zero sizlarning yelkangizda aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratishdek katta masʼuliyat bor. Har bir oiladagi farovonlik, har bir xonadonning shinamligi koʻp jihatdan kommunal tizimning barqarorligi, ushbu soha vakillarining mahorati va yuqori masʼuliyatiga bogʻliq. Biz sizlarning timsolingizda murakkab sharoitda ham oʻz burchiga sodiq qolib, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilib kelayotgan zahmatkash, mard va oliyjanob insonlarni koʻramiz.
Aziz doʻstlar!
Shu oʻrinda kommunal soha xodimlarining salohiyati, faoliyatiga boʻlgan sadoqati, sabri va matonatini alohida eʼtirof etish joiz. Tunni tun, kunni kun demay mehnat qilasiz. Izgʻirin va boʻronlar masʼuliyatingizdan ustun boʻla olmaydi. Sizning aholi xotirjamligi va soha rivoji yoʻlidagi mana shunday mashaqqatli mehnatingizni yuksak qadrlaymiz.
Hurmatli soha vakillari!
Koʻp qavatli uylar qurilishining jadal surʼatlarda oʻsib borayotgani uy-joylarga xizmat koʻrsatish sohasida zamon talablari asosida chuqur islohotlarni amalga oshirishni talab qilmoqda. 2024-yilda 100 ming xonadondan iborat yangi uy-joylar barpo etilgan boʻlsa, joriy yilda ushbu koʻrsatkichni 135 mingtaga yetkazishni rejalashtirganmiz. Bunda turar joylarni toʻgʻri ekspluatatsiya qilish ham dolzarb vazifa hisoblanadi. Mamlakatimizda ilk bor oʻtkazilgan “Eng yaxshi boshqaruv organi” Respublika koʻrik tanlovi ham sohadagi tub islohotlarimiz, unga berilayotgan yuksak eʼtibor namunasidir. Haqiqatan ham koʻp qavatli uy-joylarga xizmat koʻrsatuvchi boshqaruv organlari jamiyatning ajralmas boʻgʻini, mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim tarmogʻi sifatida shakllanib borayotgani bizni juda quvontiradi.
Respublikada koʻp qavatli uylar soni jami 43 mingtani tashkil etayotgan boʻlsa, shularning 92 foiziga bugungi kunda boshqaruv kompaniyalari tomonidan xizmat koʻrsatib kelinmoqda. Hozirga qadar uylarni taʼmirlash, hududlarning infratuzilmasini yaxshilash, moddiy-texnika bazasini shakllantirishga kompaniyalar oʻz hisobidan 280 mlrd soʻm, xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan bino va inshootlarni qurish uchun 90 mlrd soʻmdan ortiq investitsiya mablagʻlarini kiritdi.
Soʻnggi 8 yil davomida koʻp kvartirali uy-joy fondini kuz-qish mavsumiga tayyorlash dasturlari doirasida jami 3 trln soʻm mablagʻ hisobidan 44 mingga yaqin uy mukammal yoki joriy taʼmirlandi hamda 2 mingdan ortiq lift uskunalari yangisiga almashtirildi. Alohida qayd etish lozimki, bugungi kunda boshqaruv tashkilotlarida 19 ming nafar ishchi xodim faoliyat yuritmoqda. Ularning mutaxassisligi boʻyicha malakasini oshirish, xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida oʻqitish kabi loyihalarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Aziz va mehnatkash — usta chilangarlar, loyihachilar, liftyorlar, santexniklar, mexanik va texnologlar, kochegar hamda operatorlar, obodonlashtirish xodimlari, muhandislar, hurmatli faxriylar, kommunal sohaga daxldor barcha xodimlarni bugungi kasb bayrami bilan samimiy qutlayman. Sizlarga sihat-salomatlik, mashaqqatli, ammo xayrli faoliyatingiz, shaxsiy hayotingizda omad va muvaffaqiyat, oilangizga esa xotirjamlik, fayz-u baraka tilayman.
Sherzod Hidoyatov
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri