Urganch shahrida Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilayotgan Al-Xorazmiy shaharchasi bugun yangi qiyofa kasb etmoqda. Ilgari dala bo‘lgan hududda hozirgi kunda 83 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirilib, 700 dan ortiq xonadonlarda 1 500 nafardan ziyod fuqaro istiqomat qilmoqda.
Umumiy maydoni 130 gektardan ortiq bo‘lgan mazkur shaharchada 5–9 qavatli uy-joylar bilan bir qatorda zamonaviy ijtimoiy va infratuzilma obyektlari ham barpo etilmoqda. Loyiha doirasida 5 ming xonadonga mo‘ljallangan turar joylar, Xorazmiy bobomizning muazzam haykali, universitet va ixtisoslashtirilgan maktab, “Yoshlar texnoparki” hamda tibbiyot, innovatsiya va madaniyat markazlari, savdo va maishiy xizmat binolari qad rostlaydi.
Al Xorazmiy shaharchasi – bu nafaqat zamonaviy uy-joylar majmuasi, balki yoshlarga ilm-fan va innovatsiyalar bilan shug‘ullanish, aholiga esa qulay va farovon hayot sharoitini yaratishga xizmat qiladigan yangi maskan bo‘lib borayapti.