


Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi boshqarma boshligʻi Bahodir Karimov boshchiligidagi ishchi guruh Xorazm viloyatida boʻlib, hududdagi taʼlim muassasalarida amalga oshirilayotgan isitish tizimlarini yangilash va modernizatsiya qilish ishlari bilan tanishmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining PK–454-son qaroriga muvofiq, viloyatda jami 8 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, 1 ta ixtisoslashtirilgan maktab hamda 13 ta umumtaʼlim maktabi obyektlarida yangi qurilish, rekonstruksiya va mukammal taʼmirlash ishlari belgilangan.
Bugungi kunda mazkur obyektlardan 3 ta umumtaʼlim maktabi, 1 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti va 1 ta ixtisoslashtirilgan maktab markazlashgan isitish tizimiga ulangan.
Qolgan 10 ta umumtaʼlim maktablarda esa zamonaviy fankoyl isitish tizimini joriy etish ishlari jadal surʼatlarda olib borilmoqda.
Xususan, Shovot tumani 23-son umumtaʼlim maktabi hamda Yangibozor tumani 15-son maktabida fankoyl isitish tizimi toʻliq ishga tushirildi.
Bahodir Karimov rahbarligidagi ishchi guruh mazkur obyektlarda bajarilayotgan ishlar sifatini oʻrganib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berdi.