





Bugun Xorazm viloyatida “Shaharsozlik faoliyatida innovatsion texnologiyalarni qo‘llash” mavzusida mintaqaviy ko‘rgazma-seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi hamda “O‘zGASHKLITI” loyiha-qidiruv instituti hamkorligida tashkil etilib, soha mutaxassislari va loyiha tashkilotlarini bir maydonga jamladi.
Seminarda shaharsozlik faoliyatini geoaxborot bilan ta’minlash, shahar infratuzilmasini ekologik va muhandislik jihatdan rivojlantirish, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda zamonaviy BIM tizimlari hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish masalalari muhokama qilindi. Qurilish obyektlarida geodezik va geologik ishlarni bajarishda innovatsion yechimlardan foydalanish, sifat nazoratini kuchaytirish, raqamli monitoring tizimlari va texnik tekshiruvlarni takomillashtirish bo‘yicha amaliy takliflar bildirildi.
Ko‘rgazma doirasida energiya tejamkor materiallar, muhandislik-geodeziya yechimlari, zamonaviy qurilish texnikalari, fasad va izolyatsiya tizimlari, yoritish hamda iqlim nazorati uskunalari namoyish etildi. Ushbu ishlanmalar texnologik samaradorligi va barqaror shaharsozlik tamoyillariga mosligi bilan ajralib turadi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar bunday mintaqaviy uchrashuvlar sohada tajriba almashish, raqamli yechimlarni keng joriy etish va malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qilishini ta’kidlab, kelgusida ham o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.