Muzaffar Kalandarov “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

Muzaffar Kalandarov “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

Bugun Xorazm viloyati hokimligida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i, og‘ir atletika federatsiyasi viloyat bo‘limi raisi Muzaffar Kalandarovga O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi tomonidan ta’sis etilgan “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Anvar Davletov, viloyat hokimi o‘rinbosari San’atbek Salayev, sport boshqarmasi boshlig‘i Nodira Jumaniyazova, Milliy olimpiya qo‘mitasi viloyat bo‘limi ijrochi direktori Usmonboy Jumageldiev hamda viloyatdagi qator boshqarma rahbarlari ishtirok etdilar.

Ta’kidlash joizki, keyingi yillarda Xorazm viloyati og‘ir atletika maktabi mamlakatimizdagi eng ilg‘or sport markazlaridan biriga aylandi. Xususan, 2025-yil davomida viloyat og‘ir atletikachilari Respublika chempionatlari va kubok musobaqalarida 16 ta oltin, 28 ta kumush va 30 ta bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida respublikada yetakchilikni qo‘lga oldilar.

Xalqaro maydonlarda ham xorazmlik sportchilar ulkan muvaffaqiyatlarga erishdilar. Jumladan, 2025-yilda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida sportchilarimiz 3 ta oltin, 4 ta kumush va 5 ta bronza medalga sazovor bo‘lishdi. Jahon chempionatida esa 1 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medal qo‘lga kiritildi.

Ayniqsa, Xorazm viloyati vakili Diyorbek Ro’zmetov Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan Islom birdamlik o‘yinlarida dast ko‘tarish bahslarida Osiyo rekordini yangilab, mamlakatimiz sporti tarixida yorqin sahifa yaratdi. Ushbu tarixiy natija viloyat og‘ir atletika maktabining yuksak salohiyatini yana bir bor namoyon etdi.

Shuningdek, 3-Osiyo yoshlar o‘yinlarida ikki karra chempion bo‘lgan Munisbek Davletov sharafiga Bahrayn davlatida ikki marotaba O‘zbekiston bayrog‘i baland ko‘tarilib, Davlatimiz madhiyasi yangradi. Bu esa vohada og‘ir atletika sport turi tobora rivojlanib, yangi iste’dod va chempionlar kamol topayotganidan dalolat beradi.

Bundan tashqari, 2026-yilning 24–30-mart kunlari Toshkent viloyati Chirchiq shahrida kattalar va yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida Xorazm viloyati jamoalari jami 9 ta oltin, 7 ta kumush va 10 ta bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdilar.

Mazkur yuksak natijalar, viloyatda og‘ir atletika sport turini rivojlantirish yo‘lidagi samarali mehnatlari hamda yosh sportchilarni qo‘llab-quvvatlashdagi xizmatlari uchun O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi Xorazm viloyati bo‘limi raisi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Iskandarovich Kalandarov O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligining “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.


21-05-2026, 20:00
Sahifaga qaytish