PF-51-son 13.04.2023
2023-YILDA BOZOR TAMOYILLARIGA ASOSLANGAN IPOTEKA KREDITLARI ORQALI AHOLINI UY-JOY BILAN TA’MINLASH DASTURINI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Jismoniy shaxslarga ipoteka krediti berishning zamonaviy va barqaror tizimini shakllantirish, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oilalarni davlat tomonidan manzilli qo‘llab-quvvatlash, mahalliy va xalqaro kapital bozorlarida moliyaviy resurslarni jalb qilish va keyinchalik ularni ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishga yo‘naltirish maqsadida:
1. Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashning amaldagi tartibiga 2023-yil 1-maydan boshlab quyidagi o‘zgartirishlar kiritilsinki, ularga muvofiq:
banklarga rasmiy daromadga ega bo‘lmagan shaxslarga ipoteka kreditini ajratishda ularning to‘lov qobiliyatini aniqlashning muqobil usullaridan foydalanishga, shu jumladan qarz oluvchilarning bank kartasi aylanmasi, ijara, kommunal va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa xarajatlarini inobatga oluvchi skoring tizimini joriy qilishga ruxsat etiladi;
banklarga qarz oluvchi tomonidan to‘langan dastlabki badal miqdori, imtiyozli davr muddati va boshqa ko‘rsatkichlardan kelib chiqib, subsidiyasiz ajratiladigan ipoteka kreditlari bo‘yicha tabaqalashtirilgan foiz stavkalarini o‘rnatish huquqi beriladi;
professional ta’lim tashkilotlarining muhandislik, ishlov berish va qurilish sohalaridagi maxsus fanlar bo‘yicha dars berayotgan yoki o‘quv amaliyotini o‘tkazayotgan o‘qituvchilari va ishlab chiqarish ta’lim ustalariga imtiyozli shartlarda subsidiya xabarnomalarini berish tartibi joriy etiladi;
uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun olinadigan ipoteka kreditlari bo‘yicha berilgan subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi xabarnomalarning amal qilish muddati 4 oy etib belgilanadi;
2023-yil uchun ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar ajratishga doir arizalar tasdiqlangan parametrlar doirasida 2023-yil 1-maydan 2023-yil 1-dekabrga qadar qabul qilinadi;
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga “Xalqparvar” komissiyalarining axborotiga asosan xato ajratilgan deb topilgan subsidiya xabarnomalarini dasturiy ta’minotdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bekor qilish va to‘lovlarni to‘xtatish huquqi beriladi.
Bunda:
2023-yil uchun bir qarz oluvchiga ajratiladigan ipoteka kreditining eng ko‘p miqdori 2022-yilda belgilangan miqdorda saqlab qolinadi;
mazkur Farmon qabul qilinguniga qadar subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi xabarnomaga ega bo‘lgan shaxslarga subsidiyalar 2022-yilda amalda bo‘lgan shartlar va miqdorlarda ajratiladi.
2. Ipoteka bozorini uzoq muddatli resurslar bilan ta’minlash hamda uy-joy qurilishini tezlashtirish maqsadida:
Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetiga 100 million AQSh dollari ekvivalentidagi mablag‘lar 2028-yil 1-mayga qadar qaytarish sharti bilan Markaziy bankning asosiy stavkasidan ikki foiz band past stavkada ajratilsin;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh. Kudbiyev) 2023-yil aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti mablag‘lari hisobidan banklarga 3 trln so‘m miqdoridagi mablag‘larni belgilangan tartibda depozitga joylashtirsin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Davlat budjeti likvidligidan kelib chiqib, ipoteka kreditlarini ajratish uchun belgilangan mablag‘lar hajmini oshirishga ruxsat etilsin.
3. Belgilansinki, mazkur Farmonning 2-bandiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘larning 500 mlrd so‘mi qurilish-pudrat tashkilotlarining aylanma mablag‘larini to‘ldirishga yo‘naltiriladi.
Bunda, Iqtisodiyot va moliya vazirligi banklarga pul mablag‘larini Markaziy bankning asosiy stavkasidan ikki foiz band past stavkada joylashtiradi hamda banklar qurilish-pudrat tashkilotlariga kreditlarni 18 oygacha muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasiga teng foiz stavkada ajratadi.
4. Quyidagilar:
2023-yilda kvartiralar sotib olish va yakka tartibdagi uy-joylar qurish hamda rekonstruksiya qilish uchun ipoteka kreditlari ajratishning maqsadli ko‘rsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
2023-yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar ajratishning maqsadli ko‘rsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga mahalliy budjet daromadlarining oshirib bajarilgan qismi hisobidan ushbu Farmon bilan tegishli hudud uchun belgilangan ipoteka kreditlari va subsidiyalar sonini oshirishga ruxsat berilsin.
5. Belgilansinki, 2023-yil 1-maydan boshlab:
qurilayotgan ko‘p kvartirali uy-joylarning qurilishi yakunlangan qismini (qavatlarini) banklar tomonidan kredit ta’minoti sifatida bosqichma-bosqich garovga olish amaliyoti joriy etiladi;
2025-yil 1-yanvarga qadar ro‘yxati 3-ilovada ko‘rsatilgan qurilish materiallari va xom ashyo turlarini import qilishda bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh.Kudbiyev) banklarning o‘z resurslari hisobidan ulushdor-jismoniy shaxslarga berilgan ipoteka kreditlarini Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qayta moliyalashtirish tajribasini davom ettirsin.
7. 2022-yilda “Yangi O‘zbekiston” massivlarida ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish hamda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturlari o‘z vaqtida bajarilmaganligi uchun Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Farg‘ona va Toshkent viloyatlari hokimlarining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda Markaziy bankning ushbu viloyatlardagi hududiy bosh boshqarmalari rahbarlariga hayfsan e’lon qilinganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Yangi O‘zbekiston” massivlari, shuningdek, oldingi yillarda barpo etilgan massivlarning bo‘sh turgan yer uchastkalarida uy-joylar qurishni davom ettirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2023-yilda “Yangi O‘zbekiston” massivlarida ko‘p kvartirali uy-joylar qurishning maqsadli ko‘rsatkichlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. 5-ilovada ko‘rsatilgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlari “Yangi O‘zbekiston” va boshqa massivlarni qurish uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasidan tegishincha aholi punktlarining yerlari hamda sanoat maqsadlariga mo‘ljallangan yerlar toifasiga o‘tkazilsin.
Belgilab qo‘yilsinki, mazkur Farmonga 5-ilovada ko‘rsatilgan yer uchastkalaridan maqsadli foydalanilishi uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimlari shaxsan javobgar hisoblanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari qisqarib ketishining oldini olish maqsadida 2024-yil 1-yanvarga qadar ushbu Farmon bilan toifasi o‘zgarayotgan sug‘oriladigan yer uchastkalari maydonining besh baravari miqdorida yangi yerlar o‘zlashtirilishini ta’minlasin. Bunda, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yangi yer uchastkalari Kadastr agentligi tomonidan belgilangan tartibda hisobga olinganidan so‘ng o‘zlashtirilgan hisoblanadi.
9. “Yangi O‘zbekiston” massivlarida ichki avtomobil yo‘llarini qurish bo‘yicha buyurtmachi etib Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi belgilansin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh.Kudbiyev) “Yangi O‘zbekiston” massivlarida ichki avtomobil yo‘llari qurilishini belgilangan prognoz parametrlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirsin.
10. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2023-yilda fuqarolarning alohida toifalari (harbiy xizmatchilar) uchun 4 000 ta kvartira sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda 2023-yilda fuqarolarning alohida toifalariga (harbiy xizmatchilarga) ipoteka kreditlarini ajratish ko‘rsatkichlarini tasdiqlasin.
11. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan “Mening birinchi uyim” dasturi ishlab chiqilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Toshkent viloyati hokimligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining “Mening birinchi uyim” dasturini tajriba-sinov tariqasida Zangiota tumani “Turkiston” MFYda amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi (B. Zokirov) Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh. Kudbiyev) bilan birgalikda ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mening birinchi uyim” dasturini amalga oshirishga oid qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
12. 2023-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Quyidagilar:
Bosh vazir o‘rinbosari A.J.Ramatov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining hamda viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari bilan birgalikda yer uchastkalari elektron auksion savdolariga chiqarilishini, ko‘p kvartirali uy-joylar hamda muhandislik-transport kommunikatsiya tarmoqlari o‘z vaqtida qurib bitkazilishini ta’minlasin;
Bosh vazir o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining hamda viloyatlar va Toshkent shahri birinchi o‘rinbosarlari hamda Markaziy bank hududiy boshqarmalari boshliqlari bilan birgalikda ipoteka kreditlari va subsidiyalar o‘z vaqtida aholiga ajratilishi va moliyalashtirilishini ta’minlasin, shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga qurilgan uy-joylarni sotishda ko‘maklashsin;
Bosh vazir o‘rinbosarlari A.J.Ramatov va J.A.Qo‘chqorov 2023-yil yakuniga qadar har oyda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturining ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga hisobot kiritib borsin.
13. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib iqtisodiyot va moliya vaziri Sh.D.Kudbiyev, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri B.I.Zakirov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Farmonning ijrosini nazorat qilish hamda ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 13-aprel,
PF-51-son
Qarorga havola