PQ-465-son 30.12.2022
2023—2025-YILLARDA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING IJTIMOIY VA ISHLAB CHIQARISH INFRATUZILMASINI RIVOJLANTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni hayotga tatbiq etish, hududlarda, ayniqsa mahallalarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini yanada rivojlantirish, shuningdek, aholining turmush darajasini oshirish hamda tadbirkorlar uchun qulay investitsiya muhitini yaratish maqsadida:
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari (keyingi o‘rinlarda — mahalliy hokimliklar), manfaatdor vazirliklar, idoralar hamda xo‘jalik birlashmalari tomonidan jamoatchilik fikri va aholi istaklari asosida 2023 — 2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi (keyingi o‘rinlarda —Dastur) ishlab chiqilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Quyidagilar:
2023-yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirishning asosiy parametrlari hamda 2024-2025-yillar uchun maqsadli mo‘ljallar muvofiq;
2023-yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish doirasida moliyalashtiriladigan yo‘nalishlarning asosiy parametrlari 1a-ilovaga muvofiq;
2023-yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlarini ishga tushirish va yangi quvvatlar yaratishning maqsadli ko‘rsatkichlari hamda 2024-2025-yillar uchun maqsadli mo‘ljallar 2-ilovaga muvofiq;
2023-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha manzilli ro‘yxatlar 3 — 16-ilovalarga muvofiq;
2023-yilda ma’muriy, muhandislik-infratuzilma, alohida muhim va toifalangan obyektlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish bo‘yicha manzilli ro‘yxat 17-ilovaga muvofiq;
2023-yilda huquqni muhofaza qilish va mudofaa obyektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish bo‘yicha manzilli ro‘yxat 18-ilovaga muvofiq;
2023-yilda maxsus iqtisodiy zonalar, kichik sanoat zonalari, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari hamda yirik ishlab chiqarish loyihalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash bo‘yicha obyektlarning yig‘ma parametri va manzilli ro‘yxatlari 19, 19a — 19v-ilovalarga muvofiq;
2023-yilda loyihaoldi va loyiha hujjatlari ishlab chiqiladigan budjet tizimi budjetlaridan moliyalashtiriladigan obyektlar ro‘yxati 20-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari zimmasiga Dasturning asosiy parametrlari, maqsadli ko‘rsatkichlari va manzilli ro‘yxatlari belgilangan muddatlarda sifatli va to‘liq amalga oshirilishini, shuningdek, ajratilgan mablag‘lar maqsadli hamda samarali sarflanishini ta’minlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
2. Belgilansinki:
budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan obyektlarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlarining manzilli ro‘yxatlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishiladi;
2023-yildan boshlab Dastur doirasida mahalliy budjetlardan moliyalashtiriladigan loyihalarning (obyektlarning) manzilli ro‘yxatlari hududiy iqtisodiyot va moliya boshqarmalari bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining birinchi o‘rinbosari tomonidan tasdiqlanadi.
3. Mahalliy hokimliklar, vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari — buyurtmachilar:
a) ikki hafta muddatda moliyalashtirish hajmlarini qurilish-montaj ishlarining kalendar jadvallari bilan uzviy bog‘liqlikda aniqlashtirgan holda, 2023-yil uchun yildan yilga o‘tuvchi qurilish obyektlarining manzilli ro‘yxatini belgilangan tartibda tasdiqlasin;
b) xarid qilish tartib-taomillari yakunlanganidan so‘ng o‘n kun ichida 2023-yil uchun yangidan boshlanadigan loyihalarning (obyektlarning) manzilli ro‘yxatlarini belgilangan tartibda tasdiqlasin;
v) ikki oy muddatda 2023-yilda yangidan boshlanadigan loyihalar (obyektlar) bo‘yicha tasdiqlangan loyihaoldi va (yoki) loyiha hujjatlari asosida, belgilangan tartibda tanlov (tender) hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish, xarid qilish tartib-taomillarini yakunlash va tanlov (tender) g‘oliblari bilan pudrat shartnomalarini tuzish choralarini ko‘rsin;
g) 2023-yil 15-fevralga qadar Dasturning asosiy parametrlarini bajarish, shu jumladan loyihalar (obyektlar) bo‘yicha kapital qo‘yilmalarni o‘zlashtirishning prognoz ko‘rsatkichlarini choraklar kesimida tasdiqlab, Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etsin. Bunda:
2023-yilning birinchi yarim yilligida barcha loyihalar (obyektlar) bo‘yicha yillik rejalashtirilgan o‘zlashtirish hajmlarining kamida 40 foizini, shu jumladan yildan-yilga o‘tuvchi loyihalar (obyektlar) bo‘yicha kamida 50 foizini bajarish;
2023-yilda yakunlanadigan ta’lim muassasalari obyektlarini — 15-avgustga qadar, ichimlik va oqova suv, issiqlik ta’minoti, sog‘liqni saqlash va tibbiy-ijtimoiy muassasalar obyektlarini — 1-oktabrga qadar, avtomobil yo‘llari, ko‘priklar va yo‘l o‘tkazgichlar, irrigatsiya va melioratsiya tizimlari obyektlarini — 1-dekabrga qadar foydalanishga topshirishni nazarda tutilsin;
d) har oy yakuni bo‘yicha keyingi oyning 3-sanasiga qadar Dasturdagi har bir loyihaning (obyektning) prognoz ko‘rsatkichi va asosiy parametrlari bajarilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etib borsin.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari ikki hafta muddatda Dasturga kiritilgan loyiha (obyekt) uchun mas’ul bo‘lgan davlat tashkilotiga loyihalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan yer uchastkalari doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilishini ta’minlasin.
5. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2023-yil 1-yanvardan boshlab mahalliy hokimliklar, vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalariga:
loyihalarni (obyektlarni) moliyaviy resurslar bilan ta’minlash imkoniyatini Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishmasdan Dasturga kiritish;
shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiqligi bo‘yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan kelishmasdan Dasturga kiritilgan loyihalarning (obyektlarning) loyihaviy yechimlarini o‘zgartirish to‘g‘risida taklif tayyorlash taqiqlanadi.
6. Davlat dasturlari ijro etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika shtabi (E.T. Yuldashev):
tuman (shahar) va hududlar darajasida Dasturning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli ijro etilishi, shu jumladan har bir loyiha (obyekt) bo‘yicha mablag‘larning maqsadli va samarali sarflanishi, qurilish-pudrat ishlari sifatli bajarilishi, xarid qilish tartib-taomillari qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi;
konsolidatsiyalashgan budjet mablag‘lari va boshqa markazlashgan manbalar hisobidan moliyalashtirish manbai aniq bo‘lmagan, loyiha (loyihaoldi) hujjatlari mavjud bo‘lmagan (yoki loyiha hujjatlari parallel ravishda ishlab chiqilayotgan) hamda pudrat (loyiha) tashkilotlari tanlov (tender) o‘tkazilmasdan tanlab olingan loyihalarga (obyektlarga) xarajatlar amalga oshirilmasligi;
Dastur doirasida 2023-yilda yakunlanishi nazarda tutilgan obyektlar belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirilishi ustidan tizimli nazoratni tashkil etsin.
7. Mahalliy hokimliklar vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari bilan birgalikda 2023-yil 1-iyunga qadar tarmoqlar va hududlarni rivojlantirish konsepsiyalari (strategiyalari), shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashi hamda aholining takliflari asosida kelgusi 3 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi loyihalari portfelini obyektlarning ustuvorligidan kelib chiqib, shakllantirsin va tasdiqlasin.
8. Dasturning sifatli amalga oshirilishini muvofiqlashtirish, qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatish hamda Dasturga o‘zgartirish kiritish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-yanvardagi “2022 — 2024-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-98-son qarorida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
9. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul etib iqtisodiyot va moliya vaziri hamda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri belgilansin.
Qaror ijrosini har oyda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
SH. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 30-dekabr,
PQ-465-son